“Uzbekistan Airways” 12 ta “Airbus” samolyotini xarid qilishga oid shartnoma imzoladi

Havo kemalarining sakkiztasi A320neo va to‘rttasi A321neo rusumlariga tegishli.
Sputnik
TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi “Airbus” aviasozlik kompaniyasi bilan A320neo oilasiga mansub 12 ta samolyot xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Samolyotlarning sakkiztasi A320neo va to‘rttasi A321neo rusumlariga tegishli. Yangi havo kemalaridan yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada kengaytirish uchun foydalanish rejalashtirilmoqda.
“Airbus” bilan imzolangan shartnoma aviakompaniya parkini modernizatsiya qilish strategiyamizning yangi bosqichi bo‘lib, yo‘lovchilarga eng zamonaviy va qulay havo kemalarini taklif qilishni davom ettirishga imkon beradi. Shu bilan birga, A320neo oilasining ushbu havo kemalari bizga Markaziy Osiyo mintaqasidagi mavqeyimizni yanada yaxshilashga va mintaqa ichida ham, undan tashqarida ham parvozlar xaritasini sezilarli darajada kengaytirishga yordam beradi”, – dedi “UzAirways” boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov.
Xarid qilinayotgan samolyotlar yonilg‘i tejamkorligining kamida 20 foizini ta’minlaydigan yangi avlod dvigatellari va eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlanadi.
Ma’lumot uchun, hozir “Uzbekistan Airways” parkida “Airbus” kompaniyasining 17 ta samolyoti mavjud.