TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Toshkent viloyatida yetarli issiqlik bilan to‘la ta’minlanmagan maktablarda ta’til vaqti uzaytiriladi. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maktablarda ta’limni an’anaviy shaklda boshlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Zoyir Mirzayev mutasaddilarga dars mashg‘ulotlarini boshlashda chuqur o‘ylab, real vaziyatlar bilan hisoblashib, so‘ngra qaror qabul qilish topshirig‘ini berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hamma maktablarda yoppasiga dars jarayonlarini boshlash kerak emas. Vaziyat taqozo qilsa, sharoiti bo‘lmasa, yetarli issiqlik bilan to‘la ta’minlanmagan maktablarda ta’til vaqti uzaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 23-yanvardan e’tiboran barcha oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litsey talaba-o‘quvchilari uchun dars mashg‘ulotlari an’anaviy tarzda boshlanadi.