TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Eron parlamenti (Mejlis) Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar qurolli kuchlarini ekstremistik tuzilmalar ro‘yxatiga kiritishni rejalashtirmoqda. Bu Yevroparlamentning Eron Islom inqilobiy qo‘riqchilari korpusining (IIQK) terrorchilik tashkiloti deb tan olishga chaqirgan chaqirig‘iga javob bo‘ladi. Bu haqda Eron Islomiy Kengash majlisi raisi Muhammad Bagir Qolibof ma’lum qildi.
“Mejlis IIQKning terrorchilik tashkilotlar ro‘yxatiga yoki sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishiga javoban har qanday chorani ko‘radi, va bu choralar tez va qat’iy bo‘ladi”, - dedi Qolibof. Uning so‘zlaridan “Mehr” nashri iqtibos keltirgan.
“Biz Yevropa mamlakatlari armiyalarini terrorchilik tashkilotlari deb tan olamiz va kun tartibiga ularga qarshi kurashish uchun zaruriy choralarni qabul qilish to‘g‘risidagi savolni olib chiqamiz”, - deya ta’kidladi u.
18 yanvar kuni Yevropa parlamenti IIQKning terrorchilik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritishga chaqiruvchi rezolyutsiyasini qabul qildi. Hujjat tavsiya xususiyati ega.
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy “bu xalqaro huquq meyorlari va BMT Nizomiga xilof ekanini” ma’lum qildi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon Twitterʼdagi sahifasida Yevroparlament bu qarori bilan “o‘z oyog‘iga o‘q uzganini” yozdi va munosib javob qaytarilishiga va’da berdi.