Latent tuberkuloz infeksiyasiga chalingan shaxslarni davolash qamrovi oshiriladi – tafsilotlar

Prezident tomonidan qabul qilingan yangi qarorga ko‘ra, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan IIV xodimlari ham skrining tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Respublikada latent tuberkuloz infeksiyasiga chalingan shaxslarni davolash qamrovi 21 ming nafargacha oshiriladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan 2023−2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga oid qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, shu yildan boshlab har yili o‘pka kasalliklarining oldini olish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Har yili quyidagi ishlar olib boriladi:
latent tuberkuloz infeksiyasiga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha yetkaziladi;
tuberkuloz mikobakteriyasini bir vaqtning o‘zida 1- va 2-qator tuberkulozga qarshi dori vositalariga rezistentlikni aniqlaydigan tezkor gen-molekulyar tashxislash qamrovi 120 ming nafargacha oshiriladi;
tuberkuloz bilan kasallangan 18 ming nafargacha bemorlarni dori vositalari bilan ta’minlanadi.
Tibbiyot birlashmalari 1-martga qadar birlamchi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi orasidan tuberkuloz bilan kasallanishga moyilligi bo‘lgan xavf guruhiga mansub shaxslar ro‘yxatini tuzadi.
Tuberkuloz bilan kasallanish xavf guruhiga mansub shaxslar quyidagi tekshiruvlardan o‘tkaziladi:
Rentgenologik tekshiruv - o‘smirlar va kattalar;
immunologik tekshiruv – bolalar.
Shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan IIV xodimlari latent tuberkuloz infeksiyasini erta aniqlash maqsadida tegishli skrining tekshiruvlardan o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, 2021-yilga kelib tuberkulozdan kasallanish ko‘rsatkichi 100 ming aholiga nisbatan 35,2 tani tashkil etgan. O‘lim ko‘rsatkichi esa 1 taga teng bo‘lgan.