JSST: Dunyoda maymun chechagini yuqtirganlar soni 84 mingdan oshdi

O‘tgan yil 1-yanvardan shu kungacha dunyo bo‘yicha 84,7 mingdan ortiq kishi mpox (maymun chechagi) virusini yuqtirgan.
Sputnik
TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Dunyoda mpox virusini yuqtirganlar soni 84 mingdan oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib xabar berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotiga ko‘ra, o‘tgan yil 1-yanvardan shu kungacha dunyo bo‘yicha 84,7 mingdan ortiq kishi mpox (maymun chechagi) virusini yuqtirgan.
Birgina o‘tgan haftaning o‘zida bemorlar soni 302 nafarga ko‘paygan. Shunga qaramay, bu —yanvar oyining ilk haftasiga nisbatan 44 ta kam ko‘rsatkich.
Xastalik o‘tgan bir yildan ziyod davrda Yer yuzining 110 ta davlatida tarqalib ulgurdi. Eng achinarlisi, infeksiyaga chalingan bemorlardan 80 nafari kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.
Eng ko‘p bemorlar ro‘yxatga olingan mamlakatlar:
AQSh — 29,8 ming;
Braziliya — 10,6 ming;
Ispaniya — 7,5 ming;
Fransiya — 4,1 ming;
Kolumbiya — 4 ming nafar.
Tahlillarga ko‘ra, mpox bilan kasallanganlarning 96,6 foizini 29 yoshdan 41 yoshgacha bo‘lgan bemorlar tashkil etadi.