TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. NATOning Kiyevga og‘ir qurollar yetkazib berishi umuman olganda hech narsani o‘zgartirmaydi, faqat Ukrainaga muammo qo‘shadi, deydi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
“Oqibati minus belgisi bilan bo‘ladi. Biz bunday yetkazib berishlar umuman olganda hech narsani o‘zgartira olmasligini bir necha bor aytgan edik - ular Ukraina, ukrain xalqi uchun muammo qo‘shadi”, deydi u.
Kreml vakilining so‘zlariga ko‘ra, ekspertlar “bunday yetkazib berishlar bilan bog‘liq barcha muammolarni yaxshi biladi”.
“Bu tanklarning barchasi texnik xizmat ko‘rsatilishga, ta’mirlashga va hokazolarga muhtoj, shuning uchun bu Ukrainaga muammo qo‘shadi, lekin Rossiya tomonining o‘z maqsadlariga erishishi nuqtayi nazaridan hech narsani o‘zgartirmaydi”, deya qo‘shimcha qildi Peskov.
Bugun Germaniyadagi Amerikaning Ramshtayn aviabazasida Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aloqa guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg avvalroq ishtirokchilardan Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘ir qurollar yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilinishini kutayotganini aytgandi.
Rossiya TIV G‘arb qurollari Rossiya qurolli kuchlari uchun “qonuniy nishonga aylanishini” bir necha bor ta’kidlagan.