TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Dunyoda koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichlari qariyb 1 foizga oshdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan haftada Yer yuzi bo‘yicha 2,7 milliondan ortiq kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ulardan 13 ming nafarga yaqini kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, 9-15 yanvar sanalarida xastalanish ko‘rsatkichlari undan avvalgi haftaga nisbatan 9 foizga kamaydi, o‘lim holatlari esa aksincha qariyb 1 foizga oshdi.
Tashxislar sonining sezilarli pasayish dinamikasi asosan Afrika (-40 foiz), Yevropa (-35 foiz) va Janubi-Sharqiy Osiyo (-17 foiz) mamlakatlarida kuzatildi.
O‘lim ko‘rsatkichlari esa G‘arbiy Tinch okeani mintaqasida 43 foiz, Janubiy va Shimoliy Amerikada 10 foiz hamda Sharqiy O‘rta yer dengizi mintaqasi mamlakatlarida 9 foizga o‘sdi.
Eslatib o‘tamiz, 2-8 yanvar kunlari Yer yuzi bo‘yicha qariyb 2,9 million kishiga COVID-19 tashxisi qo‘yilgan edi. Ulardan 11,1 mingdan ortig‘i xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi. Ushbu tahlillar kasallanish ko‘rsatkichlari undan avvalgi haftaga nisbatan 9 foiz, o‘lim holatlari esa 12 foizga kamayganini tasdiqlagan.