TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. G‘arb va Kiyevning umidlariga qaramay, NATOning yangi qurollari va texnikalari Ukrainaga yordam bermaydi, deb yozadi AQSh armiyasi podpolkovnigi Daniyel Devis “19FortyFive” uchun maqolasida.
“Ukrainaga NATOning yanada zamonaviy turdagi qurollari va’da qilinar ekan, ko‘pchilik janglar tez orada Kiyev foydasiga burilishiga ishonchi komil. Lekin taklif etilayotgan qurollarni sinchiklab o‘rganish va zamonaviy zirhli texnikalar qanday ishlashini chuqurroq tushunish umidlarni pasaytiradi”, deydi material muallifi.
Ukraina uchun yangi qurollar mamlakatga Rossiya bilan mojaroda yordam berishi haqidagi umumiy fikrlarga qaramay, muvaffaqiyatga erishish uchun murakkabroq texnikalarga ega bo‘lish yetarli emas, deya qo‘shimcha qildi kuzatuvchi.
Uning fikriga ko‘ra, ko‘pchilik yangi qurollarni qo‘lga kiritishni zamonaviy harbiy videoo‘yinlardagi holatlar bilan taqqoslaydi,lekin bu noto‘g‘ri. O‘yinchilar kuchli qurollardan osongina va darhol foydalanishlari mumkin. Ammo real dunyoda bunday emas.
“Har qanday harbiy texnikadan samarali foydalanish uchun to‘liq tayyorgarlik va tajriba zarur”, deydi muallif.
Devisning aytishicha, tajriba va tegishli bilimlarsiz ukrainaliklar uchun yangi qurollar bilan jang maydonida muvaffaqiyat qozonish juda qiyin bo‘ladi.
Rossiyaning Ukrainadagi maxsus operatsiyasi fonida Qo‘shma Shtatlar va uning NATOdagi ittifoqchilari Kiyevga o‘nlab milliard dollarlik qurol-yarog‘ yuborish orqali uni qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘z navbatida, Moskva G‘arb qurollarini yetkazib berish mojaroni uzaytirishini bir necha bor ta’kidlagan.