Gibrid immunitetga ega kishilar koronavirusga 95 foiz kam chalinadi – JSST

Mutaxassislar barcha aholi qatlami to‘liq bosqichda va buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi.
Sputnik
TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Gibrid immunitetga ega kishilar emlanmaganlarga nisbatan koronavirusga 95 foiz kam chalinadi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.
Tashkilot xulosasiga ko‘ra, COVID-19 dan tuzalganlar va yaqin oylarda unga qarshi emlanganlarning vaksina olmagan hamda xastalikka chalinmagan aholi qatlamiga nisbatan koronavirusni yuqtirish xavfi juda past.

“Bu borada o‘tkazilgan 26 ta tadqiqotda tasdiqlanishicha, gibrid immunitet odamlarni infeksiyadan yuqori darajada himoyalaydi. Hatto vaksina olganidan so‘ng ham COVID-19 ga chalinganlar bo‘lsa, ularda xastalik yengil bosqichda va asoratsiz o‘tadi”, - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, gibrid immunitetga ega bo‘lganlarga kasallik yuqish ehtimoli emlanmagan va xastalikka chalinmaganlarga nisbatan kamida 95 foiz past bo‘ladi. Shu sababli mutaxassislar barcha aholi qatlami to‘liq bosqichda va buster dozada vaksina olishi zarur, deb hisoblaydi.
JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan shu kungacha 663 million nafardan ortiq kishiga koronavirus tashxisi qo‘yildi. Ulardan qariyb 6,8 million nafari xastalik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.