TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Respublikadagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ob-havo harorati ko‘tarilganidan so‘ng ishlay boshlaydi. Bu haqda “O‘ztransgaz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakatda ob-havo haroratining keskin pasayishi natijasida tabiiy gazning iste’mol hajmi keskin oshib borishi kuzatilmoqda.
Bunday holatda aholi, ijtimoiy ahamiyatga molik obyektlar va qozonxonalarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida respublikadagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida (AGTKSh) tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.
Lekin ijtimoiy tarmoqlarda ayrim "gaz-zapravka"larda avtotransportlarga metan gaz to‘ldirilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Shu munosabat bilan "O‘ztransgaz" barcha AGTKSh ob-havo harorati ko‘tarilib, qulay sharoit paydo bo‘lgach, odatdagi ish tartibida ishlay boshlashini ma’lum qildi.
Hozirda viloyat hokimliklari bilan kelishilgan holda ayrim AGTKSh kunning ma’lum vaqtida 1 soatdan 3 soatgacha xizmat ko‘rsatmoqda.
Mazkur xizmatdan faqatgina uy-joy mulkdorlari shirkatlari, elektr ta’minoti korxonalari, obodonlashtirish boshqarmalari, aholiga propan to‘ldirilgan gaz balonlar yetkazib beruvchi tashkilotlarning avtotransport vositalari foydalanishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 12-yanvar kuni O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatilgan edi.