TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. "UzAuto Motors" avtomobillarining narxi pasaymoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniya 17-yanvardan boshlab avval tuzilgan shartnomalar bo‘yicha avtomobillarni yetkazib berishni qayta tikladi.
"Shuningdek, QQS stavkasining 15 foizdan 12 foizgacha tushirilgani munosabati bilan avtomobillar narxi ham pasayadi", - deyilgan xabarda.
Avtomobil narxining pasayishi bugungi kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tuzilgan hamda shartnoma shartlariga muvofiq to‘lovni amalga oshirgan amaldagi shartnomalarga nisbatan qo‘llaniladi.
Xabarda xaridorlardan shartnoma bo‘yicha avtomobil narxining qanchaga pasayganligi haqida ma’lumot olish uchun dilerlik markaziga murojaat qilish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, 1-yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi.