Yangi ish boshlagan yosh shifokorlarga 1 mln so‘mgacha ustamalar beriladi

Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. Yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha ustamalar beriladi. Bu haqda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tegishli nizomda nazarda tutilgan.
Hujjat bilan, Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘arma mablag‘larining 75 foizi barcha davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga sarflanadi.
Shuningdek, mablag‘larning 25 foizi tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy rag‘batlantirishning quyidagi turlari qo‘llaniladi:
tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar;
tibbiyot muassasalari barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek moddiy yordam pullari.
Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, tibbiyot muassasalari xodimlariga tibbiyot sohasida ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi uchun har oy ustama to‘lanadi. Bunda fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60% gacha, fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga — 30% gacha ustama to‘lanadi.