TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. 2022 yila O‘zbekiston bo‘ylab tez yordamga jami 13 million 22 ming 162 ta chaqiriq kelib tushgan. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Respublika tez tibbiy yordam markazi bosh direktori Abduvoitjon G‘afurovning so‘zlariga ko‘ra, har 1 000 nafar aholiga o‘rtacha 366 ta murojaat to‘g‘ri kelgan. Shundan 1 million 180 ming 416 nafar bemor shifoxonalarga yotqizilgan.
Eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona viloyati - 1 520 448 ta (11,67 %), Andijon viloyati - 1 415 023 ta (10,87 %), Toshkent shahri - 1 280 242 ta (9,83 %), Toshkent viloyati - 1 262 187 ta (9,69 %), Namangan viloyatida - 1 227 318 ta (9,42 %) qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 2021-yilda aholi tez tibbiy yordam xizmatiga jami 12 million 590 ming 250-marta murojaat qilgan.