TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. Maktablar vaqtincha onlayn ta’lim tizimiga o‘tishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.
Vazir Hilola Umarova mahalliy hokimliklar bilan III chorakni boshlash masalasini muhokama qildi. Unda hududlarda maktablarning III chorakni boshlashga tayyorgarligi masalasi ko‘rib chiqildi.
Vazir o‘z so‘zida mahalliy hokimliklar joylardagi umumta’lim muassasalarining tayyorgarlik holatini yana bir bor qayta tahlil qilish zarurligini ta’kidladi.
Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘quvchilarni ob-havo sharoitlari barqarorlashguniga qadar vaqtincha onlayn ta’lim tizimiga o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda hokimliklar maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalardagi qishki ta’tilni yana 17-yanvarga qadar uzaytirishga qaror qilishgan edi.