TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining “Davlat fuqarolik xizmatchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga doir namunaviy talablarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq:
davlat xizmatchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasida aks ettiriladigan 21 ta majburiy (davlat xizmatining hususiyati, davlat xizmati bilan bog‘liq cheklovlar, ish rejimi xususiyatlari va boshqalar) va 9 ta qo‘shimcha (sinov muddati, ma’lumotlarni oshkor etmaslik talabi) shartlar ro‘yxati tasdiqlanmoqda;
davlat fuqarolik xizmatiga kirayotgan shaxs bilan mehnat shartnomasi 3-yildan ortiq bo‘lmagan yoki nomuayan muddatga yozma shaklda tuziladi;
davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi tuzilmaydi.
Mehnat shartnomasining mazmuniga:
davlat fuqarolik xizmatchisining holatini davlat fuqarolik xizmati va mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka nisbatan yomonlashtiradigan;
kamsitishni taqiqlash to‘g‘risidagi talablarni buzadigan;
majburiy mehnatni taqiqlash haqidagi talablarni buzadigan;
davlat fuqarolik xizmatchisini qonunga xilof harakatlarni yoki ham davlat fuqarolik xizmatchisining, ham boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan harakatlarni amalga oshirishga majburlaydigan shartlar kiritilgan bo‘lsa, ular haqiqiy bo‘lmaydi.
Mehnat shartnomasining qo‘shimcha shartlari sifatida doimiy yoki vaqtincha asosda masofadan turib ishlash, moslashuvchan ish vaqti rejimida, vaqtbay yoki ishbay tizimda ishlash, oxirgi ta’til berilgan kundan e’tiboran kalendar yil davomida uzluksiz yoki jamlangan holda uch oydan oshmaydigan va ish haqi saqlanmaydigan ta’tillar berilishi ko‘zda tutilgan.
Hujjat 2023-yil 30-apreldan yildan kuchga kiradi.