Avtobus yo‘laklariga videokameralar o‘rnatildi – IIV

IIV avtobuslarning harakatlanishiga to‘sqinlik qilish holatlariga barham berish maqsadida avtobuslar yo‘laklariga videokameralar o‘rnatmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. Avtobuslar uchun tashkil etilgan alohida yo‘laklarga intellektual videokameralar o‘rnatildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati boshlig‘i Muzifa Sultanova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, avtobuslar uchun alohida yo‘lak tashkil etilgan Amir Temur va Rixsiliy ko‘chalarining yo‘l qatnov qismiga avtobuslar yo‘lagini ajratib turuvchi 1.1 yo‘l yotiq chizig‘i yoniga 836 dona maxsus to‘siqlar fishkalar o‘rnatildi.
Mazkur “A” yo‘laklarga 55 ta intellektual videokamera o‘rnatilib, yengil avtomashinalar belgilanmagan joylarda to‘xtab turishi, avtobuslarning harakatlanishiga to‘sqinlik qilish holatlariga barham berilmoqda.
Bunday joylarda yo‘nalishli transport vositalarining harakatiga xalaqit bermaslik sharti bilan yo‘lga chiqish, qatnov qismining chetki o‘ng tomonida yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish uchun bu bo‘lakka o‘tishga ruxsat etiladi.
Bundan tashqari, ushbu yo‘laklardan tezkor va kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifasini bajarish vaqtida ko‘k yoki qizil - ko‘k va qizil rangli mayoqchalar yoqilgan holda harakatlanayotgan transport vositalari ham yurishi mumkin.
Shuningdek, ob-havoning anomal sovib ketishi sharoitida aholiga sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirildi. Unga ko‘ra, tirband yo‘nalishlarga 80 dona avtobuslarni qo‘shimcha jalb etish imkoniyati yaratildi.
Avtobuslarning yo‘nalishda yuzaga kelgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish maqsadida, 24 nafar texnik xodimdan iborat jami 8 ta brigada tuzildi. Ularga shatakka olishga mo‘ljallangan 16 ta maxsus texnik yordam avtomashinasi biriktirildi.
Yo‘nalishlarda nosozlikka uchrab avtosaroyga qaytadigan avtobuslarni tezkor almashtirish maqsadida, jami 39 ta avtobuslar zaxirasi yaratildi.
Anomal sovuq sharoitida zaruriy hisoblangan 315 litr “antigel”, 2 860 litr “antifriz” hamda 150 litr “texnik spirti” suyuqliklari avtosaroylarga tarqatildi.
Quyidagilarning zaxirasi yaratildi:
300 litr antigel;
1 000 litr antifriz;
120 litr texnik spirt;
5 000 litr dvigatel moyi;
175 ta shinalar;
142 ta akkumulyator;
2 998 ta boshqa turdagi ehtiyot qismlar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab 475 kmga yaqin 34 ta alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilishi haqida xabar berilgan edi. Ushbu yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Qolgan avtotransport vositalariga esa harakatlanish taqiqlanadi va bu tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasiga ko‘ra, hech qanday sababsiz mazkur tasmaga o‘tib harakatlangan haydovchilar BHMning 50 foizi (150 ming so‘m), ajratilgan tasmada sababsiz to‘xtab turgan haydovchilar esa 128-6-moddasiga ko‘ra BHMning 2 baravari miqdorida (600 ming so‘m) jarimaga tortiladi.