TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Artomovsk va Soledarda joylashgan ikki Ukraina batalonining askarlari o‘q-dorilar yetishmasligi sababli front chizig‘ini tark etdi. Bu haqda Ispaniyaning “Pais” gazetasi yozmoqda, deya xabar berdi RIA Novosti.
“Soledar va Baxmutda (Artomovsk – tahr.) joylashgan ikki batalon askarlari “Pais”ga o‘q-dorilar yetishmagani uchun front chizig‘ini tark etganligini aytdi”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumotni Ukraina qo‘shinlarining 24-tank mexanizatsiyalashgan brigadasidagi “Burshtin” chaqiruv belgili tank qo‘mondoni tasdiqlagan. Shuningdek, u ikki hafta oldin uning rotasida bo‘lgan oltita tankdan hozir faqat bittasi jangovar shay holatda qolganini tan olgan.
Nashrning yozishicha, hozir Artomovskda asosan boshpanalarda yashiringan tinch aholi soni kam.
Artomovsk DXRning Kiyev nazoratidagi qismida, yirik Gorlovka shahridan shimolda joylashgan. Soledar Artomovskdan taxminan 10 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, 12-yanvar kuni Rossiya qo‘shinlarining Artyomovsk — Seversk mudofaa chizig‘i markazidagi Soledarni ozod qilish operatsiyasi yakunlandi. Soledar ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish janubi-g‘arbda joylashgan Artyomovsk shahrida Ukraina qo‘shinlarining ta’minot yo‘llarini uzib qo‘yish, keyin esa UQK bo‘linmalarini qurshovga olish imkonini beradi.
24 fevraldan beri Rossiya Ukrainada maxsus harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uning maqsadini “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan tahqirlangan va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Qurolli kuchlar oldida Donbassni ozod qilish va Rossiya xavfsizligini kafolatlash vazifasi turibdi.