Toshkent va Buxoro o‘rtasidagi “Afrosiyob” reyslari yana bir necha kunga bekor qilindi

Anomal sovuq ob-havo tufayli bu yo‘nalishda 16, 17, 18, 19, 20-yanvar kunlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan reyslar bekor qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. 766/765-son “Afrosiyob” tezurar poyezdining Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi yana beshta reysi bekor qilindi. Bu haqda “O‘ztemir yo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, anomal sovuq ob-havo tufayli bu yo‘nalishda 16, 17, 18, 19, 20-yanvar kunlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bekor qilinadi. Bu qaror yo‘lovchi poyezdlar harakat xavfsizligini ta’minlash va ularni o‘z manzillariga yetkazishda noqulayliklar kelib chiqishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.
“O‘ztemir yo‘lyo‘lovchi”ning qo‘shimcha qilishicha, 5 ta reys bekor qilinishi sababli shu kunlarda Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi 12/11-son “Sharq” tezurar poyezdiga har bir reys uchun qo‘shimcha 4 tadan vagon ulanadi.
Yo‘lovchilar xarid qilingan chiptalarni temir yo‘l chiptaxonalarida, elektron tarzda xarid qilingan chiptalarni esa chipta.railway.uz saytida qaytarishi mumkin. Chipta puli 100 foiz qiymatda qaytariladi.
Avvalroq "Afrosiyob" poyezdining Toshkent-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida 13, 14, 15-yanvar kunlari amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 3 ta reys bekor qilingani xabar qilingan edi.