Shavkat Mirziyoyev DXX va Bosh prokuraturaga alohida topshiriq berdi

Ma’lum qilinishicha, oxirgi oylarning o‘zida neftegaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangani ham tizim ichidan yemirilganidan dalolat beradi.
Sputnik
TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Bosh prokuraturasi neftegaz va energiya nazorati tizimlaridagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘radi. Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishda tegishli topshiriqlarni berdi.
Yig‘ilishda bugungi kundagi muammolarda tizimsiz ishlash, energoresurslarni talon-toroj qilish holatlari ham sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, o‘tgan bir oyda elektrga 5 mingta, gazga 4,5 mingta noqonuniy ulanishlar aniqlangan.
“Elektr va gaz tarmoqlarida talon-torojlik bo‘lganini, tuman hokimlari va sektor rahbarlari, elektr va gaz idoralari boshliqlari bilmasmi-di?”, - deya savol qo‘ydi davlat rahbari.
Ta’kidlanishicha, oxirgi oylarning o‘zida neftegaz va energiya nazorati tizimlarida 192 ta korrupsiya holatlari aniqlangani ham tizim ichidan yemirilganidan dalolat beradi.
DXX va Bosh prokuraturaga tizimdagi korrupsiyani yo‘q qilish bo‘yicha alohida choralar ko‘rish topshirildi.
Avvalroq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abdurahmonov lavozimidan ozod etilgani, “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari Ulug‘bek Mustafoyev, “O‘ztransgaz" rahbari Behzod Normatov va “O‘zbekneftgaz” rahbari Mehriddin Abdullayev ham lavozimidan ozod etilib, ularga vazifasini bajaruvchi lavozimida 3 oy sinov muddati belgilangani xabar qilingan edi.