TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Ozarbayjonning AZAL (“Azerbaijan Airlines”) aviakompaniyasi Boku va Urganch o‘rtasida aviaqatnovni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dastlabki reys 28-yanvar kuniga belgilangan. Parvozlar haftada bir marta - shanba kunlari amalga oshiriladi.
Urganch O‘zbekistonning AZAL yo‘nalishlar tarmog‘idagi to‘rtinchi shahriga aylanadi. Hozirgi vaqtda aviakompaniya Bokudan Toshkentga (dushanba, chorshanba, shanba va yakshanba), Samarqand (seshanba va juma kunlari) va Farg‘onaga (payshanba kunlari) ham qatnovlarni amalga oshirmoqda.
Urganch-Boku va Boku-Urganch yo‘nalishidagi reyslar chiptalari sotuvga chiqarilgan. Chipta narxi 180 dollardan boshlanadi.