TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda ish haqining bir qismini natura (turli mahsulot) bilan to‘lash rejalashtirilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi buni ko‘zda tutuvchi qaror loyihasini muhokamaga qo‘ygan.
Vazirlikning tushuntirishiga ko‘ra, faqat 2 ta holatda ish haqini natura shaklida berish taklif qilinmoqda.
Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining 256-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra mehnatga natura shaklida haq to‘lash taqiqlangan, bundan hukumat belgilagan hollar mustasno ekani belgilangan.
Qaror loyihasida bu mustasno holatlar ham belgilanmoqda, ya’ni qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari yetishtirgan va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlash uchun mehnatga natura shaklida haq to‘lashga ruxsat etilishi mumkin.
Bunda, quyidagi talablar mavjud bo‘lishi belgilanmoqda:
xodim rozi bo‘lishi, ya’ni ish haqini natura shaklida to‘lash mehnat sharnomada ko‘rsatilishi;
xodimning oylik ish haqining 30 foizidan ortiq bo‘lmasligi;
xodim shaxsiy iste’moli va uning oilasi uchun mos va foydali bo‘lishi;
qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan tovar narxi uning tannarxidan yuqori bo‘lmasligi;
uy ishchisining ish beruvchilari taqdim etayotgan tovar haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda taqdim etilmasligi lozim.
Loyiha bo‘yicha ish haqini natura shaklida haq to‘lash mumkin bo‘ladigan holatlar faqatgina yuqorida ko‘rsatilgan 2 ta holatda ruxsat etilishi mumkin boshqa sohalarda va boshqa xodimlar toifalariga ish haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi.
Loyiha muhokamasida 25-yanvargacha qatnashish mumkin.