TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Singapur prezidenti Halima Yaqubning taklifiga binoan 16-18 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
O‘zbekiston yetakchisi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif dasturiga muvofiq Singapur prezidenti Halima Yaqub va mamlakat bosh vaziri Li San Lun bilan oliy darajada uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kun tartibidan ko‘p qirrali O‘zbekiston-Singapur munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida, shuningdek, davlat boshqaruvi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu yo‘nalishlarga doir ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami muzokaralar yakunida imzolash uchun tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, Mirziyoyev Singapurning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazadi. Tashrif arafasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes forumi bo‘lib o‘tadi.