Magistraturaga kirmoqchi bo‘lganlar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratildi

Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga arizasi rad etilgan talabgorlar uchun arizalarini tahrirlash imkoniyati berilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 2022/2023-o‘quv yili uchun magistratura qishki qabuli uchun ro‘yxatdan o‘tgan, lekin arizasi qabul qilinmagan talabgorlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratildi. Bu haqda Ta’lim nazorati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga arizasi rad etilgan talabgorlar 15-yanvar soat 23.59 ga qadar arizalarini tahrirlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Eslatib o‘tamiz, tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlar 2022-yil 20-dekabrdan 2023-yil 10-yanvarga qadar magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin edi. Tanlov natijalari bakalavriat diplomining o‘rtacha ballari asosida aniqlanadi.
Davlat qabul komissiyasi qaroriga binoan, istisno tariqasida faqat ushbu 2022/2023-o‘quv yili magistratura qishki qabulida xorijiy tilni bilish darajasidan qat’i nazar sertifikati borlar hujjat topshirishiga ruxsat berilgan.