Buxoro va Sirdaryoda ta’til muddati yana uzaytirildi

Farg‘ona ortidan Buxoro va Sirdaryo viloyatlari ham maktablarda qishki ta’til uzaytirishga qaror qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. Buxoro va Sirdaryo viloyatlaridagi maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida ta’til muddati 17-yanvarga qadar uzaytirildi.
Viloyat hokimliklari bu qarorga mazkur hududlarda sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotgani sabab kelishgan. Avvalroq bu hududlarda o‘qish 16 yanvardan boshlanishi ma’lum qilingandi.
“O‘quv mashg‘ulotlari 18-yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi”, - deyiladi hokimliklar xabarida.
Sirdaryo viloyati hokimligini ma’lum qilishicha, o‘qishni boshlashning aniq muddatini belgilash qarori nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilingan. Viloyatda 325 ta maktab va 199 ta bog‘cha bor.
Avvalroq Farg‘ona viloyatidagi maktab va bog‘chalarda ta’til yana uzaytirilgani va darslar 18-yanvardan boshlanishi xabar qilingan edi.