Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar himoyasi kuchaytirilmoqda - Adliya vazirligi

Voyaga yetmagan bolalar, xotin-qizlarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv - Sputnik. Xotin-qizlar va voyaga yetmagan shaxslarni haqorat qilish, ularga nisbatan jinsiy tajovuz qilish va shaxsiy ma’lmuotlarni tarqatish bilan shantaj qilish kabi jinoyatlar uchun qonuniy javobgarlik choralariy jiddiy kuchaytiraladi.
Bu haqida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida aytib o‘tilgan. Yangi qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi va Ma’muriy qonunbuzarliklar kodeksiga bir qator o‘zgarish kiritish belgilangan. AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva yangi qonun haqida batafsil aytib berdi.
Xususan, yangi qonun loyihasiga ko‘ra, voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilganlar: amnistiyaga tushmaydi, ta’lim va tibbiyot muassasalarida ishlashi taqiqlanadi, birovning shaxsiy foto-video va yozishmalarini tarqatish bilan shantaj qilish uchun jinoiy javobgarlik bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalarning huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish, ularni fohishalikka jalb qilish, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan pornografik mahsulotni tayyorlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bunday jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilmaydi.
Undan tashqari shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik (intim hayot daxlsizligini buzish) uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Jamoat joylarida shaxsga shilqimlik qilish: uning qaddi-qomatini shahvoniy mazmunda tasvirlash, shu mazmundagi so‘zlar bilan chaqirish, izohlash, qiyoslash, shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Ota-onasi xorijga ketayotgan bolalarga vasiy tayinlash majburiy bo‘ladi
Qonun loyihasining muhim jihatlaridan biri, Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar toifasi aniqlashtirilib, ularning huquqlari kafolatlari va davlat himoyasi kuchaytirilmoqda.
Ota-onasi 3 oydan ortiq muddatga xorijiy davlatga ketayotgan bolalarga nisbatan vasiy yoki homiy tayinlanishi joriy etilmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda voyaga yetmagan, mehnatga layoqatsiz shaxslar va ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan “haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy jalb qilish” tarzidagi yangi jazo turi joriy etilmoqda.
Aliment bo‘yicha majburiyatlarga ega chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborilmasligi belgilanmoqda.