Sovuq kunlarda tashqi bankomatlar muzlab, pul bermay qolish ehtimoli bor – Markaziy bank

Sovuq havo sharoitida tashqarida o‘rnatilgan bankomatlardan foydalanmaslik tavsiya etilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Sovuq kunlarda ayrim bankomatlarning rezinkalari muzlab qolishi oqibatida pul berish va pul sanashda xatoliklar kuzatilishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank matbuot kotibi Akmal Nazarov Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Sovuq havo sharoitida tashqarida o‘rnatilgan bankomatlardan foydalanmaslik tavsiya etilmoqda.
Akmal Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta tijorat banklari mijozlarga sovuq ob-havo sharoitida tashqarida o‘rnatilgan bankomatlardan foydalanishda ehtiyot bo‘lishlarini so‘rab, murojaat qilmoqda.
“To‘rt tomoni o‘ralgan kabinadagi 24/7 rejimidagi bankomatlar ishlaydi, ularda konditsioneri bor. Shunchaki ayrim joylarda ustini naves qilib ochiq joyda qolgan bankomatlar ishlashida uzilish bo‘lishi mumkin. Chunki ular minus gradus uchun mo‘ljallanmagan. Banklarga bo‘ bo‘yicha tushuntirish berilmoqda”, deydi Markaziy bank matbuot kotibi Akmal Nazarov.
Tijorat banklari o‘z mijozlaridan 24/7 ofislarining eshiklarini ochiq qoldirmasliklarini so‘ramoqda. Bu holat shaxobchalardagi bankomat, konditsioner, shuningdek boshqa texnik vositalarning ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin.