Dorixona xodimi bemorga dori vositasini tavsiya qilishi noto‘g‘ri – mutaxassis

Mutaxassis: Dorixona xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni xaridorga berish paytida preparatga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni aytib o‘tishi kerak.
Sputnik
TOShKENT, 13 yanv — Sputnik. Dorixona xodimi bemorga dori vositasini tavsiya qilishi notog‘ri. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova ma’lum qildi.
https://t.me/ssvmatbuotkotibi/10945
Qayd etilishicha, dorixona xodimi dori vositasi va tibbiy buyumni xaridorga berish paytida preparatga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni aytib o‘tishi kerak.
Quyidagi ma’lumotlar taqdim etilishi lozim:
dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash tartibi;
qo‘llash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari;
qo‘llash usuli;
saqlash tartibi;
yaroqlilik muddati va boshqalar.
Shuningdek, dorixona xodimi xaridor e’tiborini dori vositasi va tibbiy buyumning qo‘llash yo‘riqnomasi bilan tanishib chiqishga qaratishi kerak.

“Dorixona xodimi iste’molchi holatiga ko‘ra dori tavsiya qilishi, shuningdek, davolovchi shifokor ko‘rsatmasiga binoan retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptisiz berishini, albatta, noto‘g‘ri deb bilaman. Chunki bemorning kasallik tarixi, undagi fiziologik holat haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmay turib, o‘zboshimchalik bilan dori tavsiya qilish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deydi mutaxassis.

Fuqarolardan dori vositalarini shifokor ko‘rsatmasiga binoan xarid qilishlari va ularni iste’mol qilishda, albatta, qo‘llash yo‘riqnomasiga qat’iy amal qilishlari so‘ralmoqda.