Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga oid murojaatlarni shaxsiy raqami orqali qabul qiladi

Vazirining shaxsiy telefon raqamiga sohadagi korrupsiyaviy holatlar yuzasidan aniq fakt va dalillarga asoslangan murojaatlarni yuborish mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning shaxsiy telefon raqami orqali korrupsion holatlar yuzasidan murojaatlar qabul qilish boshlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirining (+998-91) 403-17-73 shaxsiy telefon raqami orqali sohadagi korrupsiyaviy holatlar yuzasidan aniq fakt va dalillarga asoslangan murojaatlar qabul qilinadi.
Bundan tashqari, murojaatlar quyidagi platformalar orqali ham qabul qilinadi:
vazirlik qoshida 24 soat faoliyat olib boruvchi "1003" qisqa raqamli “Sall-markaz”;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari qoshida muntazam faoliyat yurituvchi "1103" qisqa raqamli “Sall-markaz”lar;
vazirlikning yangi ishga tushirilgan rasmiy telegram-boti;
barcha tuman tibbiyot muassasalarining fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylariga o‘rnatilgan va tibbiyot maskani rahbari bilan bog‘lanish imkonini beruvchi “to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa” liniyalari;
vazirlik rasmiy veb-saytida aholidan kelib tushayotgan savollarga tezkor javob berishga mo‘ljallangan “Jivo” ilovasi.
Ma’lumot uchun, sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov 2023-yil tizimda “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb e’lon qilgan.