Nazarboyev Qozog‘istonning faxriy senatori maqomidan mahrum bo‘ldi

Parlament yuqori palatasi raisi Maulen Ashimbayev reglamentdan “Faxriy senator” unvonini olib tashlanganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev faxriy senator maqomini yo‘qotdi. Bu haqda parlament yuqori palatasi raisi Maulen Ashimbayev ma’lum qildi.

“Biz reglamentimizdan “Faxriy senator” unvonini olib tashladik. Bu harakatlarning barchasi umumxalq referendumi natijalariga ko‘ra amalga oshirilmoqda”, - deb tushuntirdi u.

Spiker, shuningdek, 13-yanvar kuni deputatlar palatalarning qo‘shma majlisida respublikaning birinchi prezidenti – Elboshi (millat yetakchisi) to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishini ham ma’lum qildi.
Qozog‘istonni qariyb 30-yil boshqargan Nazarboyev 2019-yilning 20-martida prezidentlikdan iste’foga chiqdi. Uning lavozimiga avval Senat raisi bo‘lgan Qasim-Jomart Toqayev tayinlandi. Inauguratsiya chog‘ida u Nazarboyevga faxriy senator maqomini berish zarur, deb hisoblaganini aytdi.
O‘sha yilning may oyi oxirida deputatlar tegishli qaror qabul qildi. 2019-yil 6-iyun kuni Nazarboyevga o‘sha paytda parlament yuqori palatasini boshqargan to‘ng‘ich qizi Darig‘a faxriy senator belgisi va guvohnomasini topshirdi.
Qozog‘istonda o‘tgan yozda referendum natijalariga ko‘ra konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kuchga kirdi. Ular orasida mamlakatning asosiy qonunidan birinchi prezident haqidagi barcha havolalarni chiqarib tashlash ham bor.