Quyoshda kuchli chaqnash yuz berdi

Agar hafta oxirigacha Quyoshning faollashuvi tugamasa, aks-sadolari sayyoramizga yetib kela boshlaydi - tafsilotlar
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Kecha Quyoshda kuchli chaqnash sodir bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti Rossiya Fanlar akademiyasiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha Moskva vaqti bilan 02:00 atrofida X1.0 balli chaqnash sodir bo‘ldi. Undan keyin yana beshta chaqnash - uchta zaif C sinf va ikkita o‘rta M sinfda chaqnash kuzatilgan.
Xabarda ta’kidlanishicha, 11-yanvardagi chaqnash so‘nggi 10 kun ichida uchinchisi bo‘ldi.
Umuman olganda, u yerda kuzatilayotgan quyosh faolligining o‘sishi 2017-yildan beri eng kuchlisi deb nomlandi. Bunday o‘sish, yaqin 2-3 yil ichida eng yuqori cho‘qqisi kutilayotgan quyosh faolligining maksimal darajasiga yaqinlashayotganidan dalolat beradi.
Olimlarning aytishicha, siklning dastlabki bosqichida quyoshda bunday kuchli portlash kutilmagan hodisa hisoblanadi.

“Quyoshdagi portlashlarning asosiy markazi Yerga qarab harakatlanishda davom etmoqda. Agar hafta oxirigacha Quyoshning portlovchi faollashuvi tugamasa, quyosh portlashlarining aks-sadolari sayyoramizga yetib kela boshlaydi, - deydi mutaxassis.

Quyosh chaqnashlari Yerda magnit bo‘ronlarini keltirib chiqarishi mumkin, bu esa o‘z navbatida energiya tizimlarini buzadi hamda qushlar va hayvonlarning migratsiya shakllariga ta’sir qiladi.
Kuchli bo‘ronlar qisqa to‘lqinli aloqa va navigatsiya tizimlari, shuningdek, sanoat tarmoqlarida elektr ta’minotining uzilishiga olib keladi. Shuningdek, quyoshning faollashuvi qutb yog‘dularini kuzatish geografiyasini kengaytirishi mumkin.