TOShKENT, 11 yanv - Sputnik. O‘zbekiston iqtisodiyoti MDH mamlakatlari sarmoyadorlari uchun eng jozibador bo‘lib qolmoqda. Respublikada xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni yil sayin ortib bormoqda. Davlat statistika qo‘mitasi 2022-yilda qaysi davlatlar O‘zbekistonda eng ko‘p korxona tashkil etgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Quyida O‘zbekistonning uchta yirik sarmoyaviy hamkorlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Rossiya - eng yirik hamkor
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra 2022-yilda xorijiy investitsiyali korxonalarning eng ko‘pi Rossiya ishtirokida tashkil qilingan. Bular 967 ta tashkilot va korxona bo‘lib umumiy miqdorning 33 foizini tashkil etadi.
Rossiyaning O‘zbekistondagi eng yirik sarmoyaviy proyektorlari qatorida Buxoro viloyatidagi "Lukoyl" va "O‘zbekneftgaz" qo‘shma korxonalari, Toshkent metallurgiya zavodiga kiritilayotgan investitsiyalar, Samarqandda "KamAZ" avtomobillari ishlab chiqarish, "Tatneft" va "Rezinotexnika" zavodi o‘rtasidagi qo‘shma korxona, “Yevrosement Gruup” QK va "Ohangaransement", "Chirchiq" texnoparki, UzTrailer va boshqalarni sanab o‘tsa bo‘ladi.
O‘zbekistonda to‘liq yoki qisman Rossiya sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan jami 3156 ta kompaniya faoliyat yuritmoqda. Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar umumiy sonining beshdan bir qismini tashkil etadi. Rossiya kompaniyalarining respublika iqtisodiyotiga kiritgan umumiy sarmoyasi allaqachon 10 milliard dollardan oshib ketgan.
Turkiya - energetika va sanoat
Turkiya xorijiy sarmoya kiritgan korxonalar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda. O‘tgan yili Turkiya sarmoyasi ishtirokida 369 kompaniya tashkil etildi.
O‘zbekistondagi turk kompaniyalari asosan ishlab chiqarish sanoatiga sarmoya kiritadi – umumiy sarmoyaning 65 foizi. Qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan investitsiyalar ulushi ham yuqori bo‘ldi – 13 foiz, uy-joy kommunal xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasiga – 9,3 foiz, qurilishga – 6,5 foiz.
O‘zbekistondagi eng yirik turk investorlari Çalık Holding, Cengiz Energy, Aksa Energy, Akaya İnşaat, Varnet va boshqa kompaniyalardir.
Bugungi kunda O‘zbekistonda Turkiyaning jami 2204 ta korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalar umumiy hajmining 13,9 foizini tashkil etadi.
Xitoy - yo‘llar strategiyasiga sodiq
Xitoy 2022-yilda O‘zbekistonda 275 ta kompaniya tashkil qildi.
“Bir kamar, bir yo‘l” strategiyasiga sodiq qolgan Xitoy O‘zbekistondagi yo‘l infratuzilmasi va kommunikatsiyalariga faol sarmoya kiritmoqda. Xususan, Huawei va ZTE temir yo‘llar bo‘ylab yuqori tezlikdagi mobil internet tashkil qilmoqda.
Undan tashqari, Xitoy ham "Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘li loyihasini faol rivojlantirmoqda. Xususan, 2022-yil oxirida xitoylik mutaxassislar murakkab tog‘li hududlarni kesib o‘tuvchi 454 km uzunlikdagi temir yo‘l loyihasida “nol darajasidagi ishlarni”ni yakunlab, texnik-iqtisodiy asoslarni o‘rganish uchun loyihani Toshkent va Bishkekga topshirdi.
Bundan tashqari, Xitoy O‘zbekistonning neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, to‘qimachilik sanoatiga faol sarmoya kiritmoqda. Shuningdek O‘zbekiston Xitoy bilan birgalikda maishiy texnika va elektronika ham ishlab chiqariladi.
Ayni paytda Xitoy kompaniyalarining umumiy soni 2141 tani tashkil etib, so‘nggi 5-yil ichida Xitoyning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalarining umumiy hajmi 10 milliard dollardan oshdi.