Markaziy Osiyo davlatlari bu yil uchun suv olish hajmlarini kelishib oldi

Mamlakatlar suv olish limitini o‘tgan yilning noyabr oyida Ashxobodda Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi yig‘ilishida aniqlagan edi.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Markaziy Osiyo davlatlari 2023-yil uchun Amudaryo va Sirdaryo havzalaridan suv olish hajmlarini kelishib oldi. Bu haqida Markaziy Osiyo Davlatlararo suv xo‘jaligi komissiyasi xabar qilmoqda.
Portal ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatlar suv olish limitini o‘tgan yilning noyabr oyida Ashxobodda Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi yig‘ilishida aniqlagan edi.
Ushbu limitga ko‘ra, 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 1-oktabrgacha bo‘lgan davrda Amudaryo havzasidan suv olish 55,4 milliard kubometr suvni tashkil etishi kerak, shundan 15,7 mlrd. kubometri ekin yetishtirish boshlanishigacha bo‘lgan davrda bo‘lishi kerak.
Mamlakatlar bu hajmdan Tojikiston 9,8 milliard kubometr, O‘zbekiston 23,6 milliard kubometr, Turkmaniston 22 milliard kubometr suv olishi mumkinligi haqida kelishib olgan.
Mamlakatlar Sirdaryo havzasining 4,2 milliard kubometr suvidan foydalanishi mumkin. Ulardan Tojikiston 365 million kubometr, O‘zbekiston 3,3 milliard, Qozog‘iston 452 million, Qirg‘iziston 47 million kubometrni oladi.
O‘tgan yili mamlakatlar Amudaryo havzasidan ajratilgan limitning 79,1 foizidan, jumladan, Tojikistonda amalda 95,3 foiz, Turkmaniston 83,3 foiz, O‘zbekiston 68,7 foiz meyordan foydalangan.
Sirdaryodan mamlakatlar 11,8 milliard kubometr limit bilan 10,1 milliard kubometr suv ishlatgan.
Kelgusi qishloq xo‘jaligi mavsumida suvdan foydalanish va sug‘orish masalasi tegishli idoralar tomonidan 2023-yil aprel oyida Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilinadi.