Ayrim shaxslarga pensiya tayinlash ob-havo yaxshilangandan so‘ng amalga oshiriladi

Pensiya jamg‘armasi: sovuq ob-havo sharoitida pensiya tayinlash haqidagi murojaatni kechroq amalga oshirish mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Qariya va keksa yoshdagi fuqarolar sovuq ob-havo sharoiti yaxshilangandan so‘ng pensiya tayinlash uchun murojaat qilishlari mumkin. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, sovuq ob-havo sharoitida pensiya tayinlash haqidagi murojaatni kechroq amalga oshirish mumkin.

"Bu pensiyaga bo‘lgan huquqga ta’sir qilmaydi, ya’ni pensiyalar pensiya yoshiga yetgan sanadan tayinlab beriladi", - deyiladi xabarda.

Bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik suyunchi nafaqasi va fuqaronning vafoti munosabati bilan beriladigan dafn nafaqasi tayinlash uchun esa jamg‘armaga murojaat qilmasdan, "Xalq banki"ning istalgan filialiga borib, nafaqa pulini olish mumkin.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va modiy yordam tayinlangani yoki rad etilganligi sabablari to‘g‘risida fuqarolarning telefon raqamlariga SMS xabarlari yuborildi.
Shuningdek, fuqarolar nafaqalarni rad etilishi sabablari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar olishlari uchun ma’lumotlar mahalla fuqarolar yig‘inlariga yetkazildi.
Bunda, fuqarolar bu ma’lumotlarni Pensiya jamg‘armasiga kelmasdan mahalla fuqarolar yig‘inlariga yoki Pensiya jamg‘armasining 11-40 ishonch telefoniga murojaat qilish orqali bilib olsalar bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 888 000 so‘m etib belgilandi.
Yanvar oyi to‘lov ro‘yxatlariga kiritilgan 4,4 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilar uchun talab etilgan mablag‘lar 5-yanvar kuniga qadar tijorat banklariga to‘liq moliyalashtirilib berildi. O‘z navbatida 2,6 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilarga talab etilgan mablag‘larning 61 foizi fuqarolarga to‘lab berilishi ta’minlandi.