Valdis Pelsh Nukus muzeyi haqida hujjatli film suratga oldi

Ta’kidlanishicha, film ijodkorlari filmni imkon qadar dinamik va zamonaviy tomoshabin uchun qiziqarli qilishga harakat qilgan.
Sputnik
TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Tez kunlarda Rossiyaning Birinchi kanalida rus avangard tasviriy san’atining dunyodagi ikkinchi eng yirik kolleksiyasi - Saviskiy nomli Nukus San’at muzey haqida hujjatli film premyerasi bo‘lib o‘tadi. Kartina muallifi rossiyalik taniqli shoumen va boshlovchi Valdis Pelshdir, deb xabar beradi RIA Novosti.
Dunyodagi eng yirik rus avangard kolleksiyasi Rossiyada joylashgan bo‘lib, turli muzeylar o‘rtasida bo‘lingan: Tretyakov galereyasi, Rossiya muzeyi, Sharq muzeyi va boshqalar. Ikkinchi eng yirik kolleksiya esa O‘zbekistonda.
Valdis Pelsh RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida aytishiga ko‘ra, film Respublika madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi ko‘magida suratga olingan.
“Film rus avangard durdonalarini yaratgan, ularni saqlab qolganlar haqida. Masalan, Yevgeniy Lisenkoning ishlarini O‘zbekistondan boshqa joyda uchratmaysiz. Uning “Buqa”si Nukus muzeyining tashrif qog‘ozidir”, - deya o‘rtoqlashadi shoumen.
Igor Saviskiy tomonidan to‘plangan kolleksiyada nafaqat Turkistonda yashagan yoki unga kelgan rassomlarning asarlari bor, balki Nukusdagi muzey asoschisi Moskva, Sankt-Peterburg va boshqa joylardan bir qancha suratlarni sotib olgan.
“Men hech qachon san’atshunoslik mavzusida kino olmagan edim, shuning uchun ushbu loyiha men va jamoam uchun bu qandaydir ma’noda xatar edi. Lekin uch nafar rassom - Viktor Ufimsev, Aleksandr Volkov, Aleksandr Nikolayev (Usto Mumin) va ikki nafar avangard san’atining qadrini tushungan san’atshunos - Sergey Saviskiy va Georgiy Kostakilar ishtirok etgan chiroyli hikoya paydo bo‘ldi. Kostaki pasporti bo‘yicha grek bo‘lgan, u Moskvada yashab yirik kolleksiya to‘plagan. Keyinchalik uning yarmini Sovet Ittifoqiga sovg‘a qilgan qolgan yarmini olib chiqib ketgan", - deb hikoya qiladi Valdis Pelsh.
Film ijodkorlari kartinani imkon qadar dinamik va zamonaviy tomoshabin uchun qiziqarli qilishga harakat qilgan.

“Masalan, biz rus avangard durdonalarini “jonlantiramiz”, men qahramonlar obrazida boshqa obyektlar bilan birga harakat qilaman. Umuman olganda, bu klassik san’at tarixi hikoyasi emas, biz har bir rasmni uzoq vaqt tahlil qilmaymiz. Buning o‘rniga bir kartinani ikkinchisi ustiga tashlaymiz. Buni qandaydir ma’noda sarguzasht film yoki avantutra romani deyish mumkin”, - dedi Pelsh.

Saviskiy muzeyi Rossiya muzeylari va galereyalari bilan faol hamkorlik qiladi. Xususan, 2023-yilda Saviskiy muzeyi Tretyakov galereyasi bilan birgalikda rus tasviriy san’atining birinchi avangard rassomlaridan biri va Kazimir Malevichning safdoshi bo‘lgan rassom Aleksey Morgunovning ko‘rgazmasini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Rassom merosining asosiy qismi Nukusda saqlanadi va Tretyakov galereyasi mutaxassislari rasmlarni restavratsiya qilishda yordam beradi.
Valdis Pelshning O‘zbekiston haqidagi filmi namoyish etildi – video
Nukus muzeyiga sovet rassomi Igor Saviskiy asos solgan. Unda 1910-1930 yillardagi rus rassomlari asarlarining dunyodagi ikkinchi eng katta kolleksiyasi joylashgan. Bugungi kunda muzey kolleksiyasida 7 mingta kartina, 20 ming varaq grafika bor. Undan tashqari rus avangardi ikkinchi to‘lqinining hali o‘rganilmagan ko‘plab namunalari bor.