TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 1-yanvardan boshlab pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi 3 888 000 so‘m etib belgilandi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Farrux Pardayev ma’lum qildi.
2023 yil 1-yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori, ya’ni yuqori chegarasi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan ya’ni 3 240 000 so‘mdan yuqori bo‘lgan 371 ming nafar pensiya oluvchilaring pensiya miqdorlari qayta hisob-kitob qilindi. Pensiyasi oshadigan fuqarolarga 2022-yilning dekabr oyida SMS xabar jo‘natilgan.
Ma’lumot uchun, pensiyalarning miqdori avtomatik tarzda qayta hisob-kitob qilinib, bunda pensionerlarning Pensiya jamg‘armasiga murojaat etish zaruriyati yo‘q. O‘tgan yili o‘rtacha oylik ish haqiga ega bo‘lgan fuqaroning pensiya miqdori 3 240 000 so‘mdan hisob kitob qilingan.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida davlat ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini oshirish siyosati izchil davom ettirilishini ma’lum qilgan edi.