Mirziyoyev sovuq havo ta’sirini betalafot o‘tkazish choralarini belgilab berdi

Prezident Vazirlar Mahkamasi rahbariyati oldiga joylardagi muammolarni tezkor bartaraf etish vazifasini qo‘ydi.
Sputnik
TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida mamlakatga kirib kelgan sovuq havo ta’sirini betalafot o‘tkazish choralariga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Prezident barcha tuman va hududlarda tashkil etilgan shtablar uzluksiz ishlashi kerakligi, aholi ehtiyojlari tezkor hal etib borilishi shartligini ta’kidladi.
Ijtimoiy soha obyektlarini energiya va issiqlik bilan ta’minlashni alohida nazoratga olish zarurligi qayd etildi.
Mirziyoyev barcha darajadagi hokimlarga tegishli idora va tashkilotlar bilan birgalikda yo‘llarni tozalash ishlarini tashkil etish, transport vositalarining xavfsiz harakatini ta’minlashni topshirdi.
Barcha serqatnov yo‘nalishlarda jamoat transportining uzluksiz harakati ta’minlanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasi rahbariyati oldiga har bir viloyat, tuman va shahardagi ahvol bo‘yicha kunlik nazorat o‘rnatib, joylardagi muammolarni tezkor bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda O‘zbekiston anomal sovuq ob-havo kuzatilmoqda. O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, sovuq ob-havo shu haftaning oxirigacha saqlanib turadi.