“Yuksalish” harakati OAVda dori reklamasini cheklashni taklif qildi

Harakat dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash amaliyotini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaydi.
Sputnik
TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. “Yuksalish” umummilliy harakati OAVda dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarurligini ma’lum qildi.
Harakat dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash amaliyotini to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblaydi. Chunki bugun fuqarolar qaysi dorini ichish bo‘yicha ko‘pincha shifokor bilan emas, dorixona sotuvchilari bilan maslahatlashmoqda.
“Ko‘plab dori vositalarini shifokor retseptisiz osongina aptekadan xarid qilishimiz mumkin va bu dorilardan noto‘g‘ri foydalanish xavfini yaratmoqda”, — deyiladi xabarda.
Turli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, shifoxonalarga yotqizilgan bemorlarning o‘rtacha 10−20 foizida dorilar nojo‘ya ta’sir qilganlik holati kuzatiladi, qizig‘i, rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich ikki baravar yuqorini tashkil qiladi. 2008−2018 yillarda O‘zbekistonda dori vositalari bilan o‘zini o‘zi davolash natijasida sog‘liqning yomonlashganligi bilan bog‘liq 2300 ta holat ro‘yxatga olingan.
“Shuning uchun, avvalo, ommaviy axborot vositalarida dorilarning bevosita reklamasiga cheklovlar joriy etish zarur, deb hisoblaymiz. Xususan, dori vositalari reklamasini faqat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ruxsati bilan amalga oshirish. Kelgusida OAVlarda dorilarining bevosita reklamasini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqish”, - deyilgan xabarda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dori vositalarini nazoratsiz qo‘llash va o‘zini o‘zi davolash darajasining oshishi aynan reklama bilan bog‘liqdir. Bunday davolanish natijasidagi o‘lim holatlari jarohatlar, qon aylanish kasalliklari, onkologik va pulmonologik kasalliklardan keyin 5-o‘rinda turadi.
“Yuksalish” dori vositalarining reklamasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda.
“Dori vositalarining reklamasiga oid tartib va qonunchilikni buzganlik uchun alohida ma’muriy javobgarlik va bunday holatlar og‘ir oqibatlarga olib kelgan taqdirda, jinoiy javobgarlik begilash lozim, deb hisoblaymiz”, — deya ma’lum qildi harakat.
Dori vositalarini ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sertifikatlash tashkilotlari mas’uliyatini kuchaytirish muhim hisoblanadi. "Yuksalish" Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi subyektlari qatoriga sifatsiz, qalbakilashtirilgan va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan dori vositalarini tarqatishga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ham kiritish taklif etmoqda.
Harakat fuqarolarni zamonaviy tashxis imkoniyatlaridan foydalanishini, davolashning yagona standartlariga asoslangan tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tishni tezlashtirish zarurligini ta’kidlagan.
“Odamlar ko‘pincha o‘zini-o‘zi davolashga urinmoqda, aniq tashxisni bilmasdan, reklamaga ishonib, turli dorilarni qabul qilmoqda. Bu kabi xatolar, shuningdek, shifokorlar tomonidan dorilarni buyurish jarayonida ham yuz berapti. Afsuski, ularning ba’zilari alohida preparatlarni targ‘ib qilishdan moliyaviy manfaat ko‘zlamoqdalar. Shuning uchun ham tibbiy sug‘urtalash tizimiga imkon qadar tezroq o‘tishimiz kerak”, — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, “Yuksalish” farmatsevtika sohasida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash zarur, deb hisoblaydi.
"Aholi qaysi dori vositalari import qilinayotgani, ishlab chiqaruvchilar kimligi, ularning xorijdagi nufuzi, sertifikatlashtirish jarayoni qanday olib borilayotganini bilishga haqli. Shuningdek, keng aholi manfaatlariga daxldor bo‘lgan farmatsevtika sanoatiga oid axborotlarni berib boruvchi ochiq ma’lumotlar bazasini shakllantirish lozim, deb hisoblaymiz", — deya ta’kidladi xabarda.
Qayd etilishicha, sotiladigan barcha turdagi dori-darmonlarni majburiy raqamli markirovkalash jarayonini tezlashtirish muhimdir. Xaridor markirovka orqali dorining haqiqiyligini tekshirishi mumkin.
"Yuksalish" umummilliy harakati parlament, mas’ul vazirlik va idoralarni tezkor choralarni ko‘rishga, tibbiyot muassasalari va farmatsevtika sohasi institutlarini, avvalo, tijoriy emas, balki ijtimoiy manfaatlarni ustuvor qo‘yishlariga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yil sentabrida “Reklama to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan edi. Qonunning 34-moddasida dori vositalari reklamasi bo‘yicha bir qancha cheklovlar belgilangan. Xususan, faqat shifokorning retsepti bo‘yicha tarqatiladigan, tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop va (yoki) kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan, mamlakatda tibbiyotda qo‘llanish uchun ruxsat etilmagan va Sog‘liqni saqlash vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan dori vositalari reklamasi taqiqlangan.

Mavzuga oid:

2022 yilda 90.57 mlrd so‘mlik dori vositalarining yaroqsizligi aniqlangan
“Dok-1 MAKS” va “Ambronol” laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmagan – DXX
Farg‘onada 3 yoshli bola “Dok-1 Maks” siropidan zaharlangani aytilmoqda
Hindistonda “Dok-1 Maks” ishlab chiqaruvchisining zavodlari yopildi
"Hammasi qonun oldida javob beradi!": Mirziyoyev Farmatsevtika agentligi rahbarini ishdan oldi
Hindistonda “Dok-1 MAKS” dorisini ishlab chiqaruvchi kompaniyaga qarshi surishtiruv boshlandi