TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yosh bolalar orasida koronavirus ko‘payib borayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga zid ekanligini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, bolalar orasida o‘tkir respirator kasalliklar va koronavirusga chalinishning so‘nggi ko‘tarilishi o‘tgan yil kuz oylariga to‘g‘ri kelgan edi. O‘sha paytda Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar uchun 500 ta qo‘shimcha shifo o‘rni yaratilgan edi.
“Hozir holat barqaror bo‘lib, xastalanish ko‘rsatkichlari keskin kamaygan”, - deyiladi xabarda.
Vazirlik agar bolalar orasida koronavirus yoki boshqa o‘tkir respirator kasalliklar ortishi kuzatilsa, bu bo‘yicha rasmiy axborot berilishini qayd etgan.
SSV fuqarolardan qish sharoitida farzandlarining salomatligiga, ayniqsa, kiyinishi va ovqatlanishiga jiddiy e’tibor berishni, bu xildagi yolg‘on xabarlarga ishonmaslikni so‘ragan.