Navoiydagi Dara qishlog‘ida turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yildi

Qishlog‘da yangi oilaviy mehmon uylar, uy muzeylari, hunarmandlar ustaxonasi, savdo nuqtalari kabi turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Navoiy viloyatidagi Dara qishlog‘ida bir qator turizm xizmatlari joriy etildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.
Dara qishlog‘i Nurota tumanida joylashgan. Ayni damda u yerda 3 ta oilaviy mehmon uyi, 5 ta gastronomik xonadon, 2 ta qadimiy uy va qadimiy buyumlar saqlanuvchi uy muzeylari, shuningdek, 2 ta hunarmand (uy) ustaxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, mazkur mahallada qo‘shimcha turizm turlari va xizmatlarini rivojlantirish maqsadida 2 ta sport va sayr xizmati, 3 ta ovqatlanish shoxobchasi, 8 ta savdo nuqtasi ham tashkil etildi.
Qolaversa, 2023–2024 yillarda qishlog‘da 3 ta selfi hududi, 1 ta osma ko‘prik, 2 ta avtoturargoh, 30 ta dam olish hududi va 2 ta hojatxona qurilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, avvalroq turistlarga qulaylik yaratish maqsadida Navoiydagi boshqa bir turizm qishlog‘i — Sentobga olib boradigan yo‘llar ta’mirlangandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyul oyidan turizm qishloqlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar berilgan. Endilikda turizm qishloqlarida mehmon uylari, ovqatlanish va savdo shoxobchalari, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar 3-yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada, mol-mulk, yer, suv soliqlarini hisoblangan summadan bor yo‘g‘i 1 foizini to‘laydi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida ushbu qishloqlarda mehmon uylari tashkil etishga 50 million so‘mgacha, o‘tov lagerlari va eko-uylar majmuasiga 300 million so‘mgacha, chodirli lagerlar qurishga 300 million so‘mgacha kreditlar beriladi.