Sovuq havo sharoitida elektrdan qanday foydalanish kerak?

O‘zbekistonga 10-15 yanvar kunlari Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi kutilmoqda. Bunday ob-havo sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin kuchayishi tabiiy.
Sputnik
TOShKENT, 9 yanv - Sputnik. "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ fuqarolarga sovuq havoda elektr energiyasidan foydalarish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini eslatib o‘tdi.
Kutilayotgan sovuq kunlarda elektr energiyasi meyoridan ko‘p iste’mol qilinishi natijasida past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlariga tushayotgan yuklamalarni kamaytirish hamda avariyaviy holatlarni oldini olish maqsadida quyidagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq:
xonadongizda yoki ish joyingizda samarasiz ishlab turgan elektr jihozlarni tarmoqdan ajratib qo‘ying;
kutish rejimida qoldirilgan har qanday elektr jihozi, kam bo‘lsada, elektr energiyasi sarflashini unutmagan holda, maishiy texnikalarni ulardan foydalanib bo‘lingach tarmoqdan ajratib qo‘ying;
zamonaviy led lampalardan foydalanishning choralarini ko‘ring;
sovuq kunlarda siz foydalanayotgan elektr isitish pechlarining sozligiga e’tibor bering. Nosoz pechlarni yaxshisi ishlatmang. Isitish pechlarini tarmoqqa ulagach esa ularni nazoratsiz qoldirmang. Yuklama natijasida simlar kuyishi va favqulodda holatlar kelib chiqishi mumkinligini yodda tuting;
isitish pechlari hamda konditsionerlardan kun davomida emas, balki vaqti-vaqti bilan foydalanish elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamalarni sezilarli ravishda kamaytirishga xizmat qilishini unutmang;
kuchli shamol natijasida uzilib ketgan elektr simlari va boshqa nosoz elektr qurilmalar haqida tuman elektr ta’minoti korxonalari aloqa raqamlari hamda Jamiyatning 1154 qisqa raqamli Call-markaziga xabar bering.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan hududlarda tunu kun ishlaydigan 956 ta avariyaviy brigadalar tashkil etilib, ularga 335 ta maxsus texnika va 760 ta avtotransport biriktirilgan.
Bundan tashqari, 538 ta transformator, 319,3 tonna transformator moyi, 1 983 ta tayanch ustun, 38,5 tonna sim, 73,4 km kabel, 3 056 dan ortiq mufta va boshqa zarur elektr jihozlaridan iborat avariyaviy zaxira manbai yaratilgan.
Elektr energiya ta’minoti bilan bog‘liq har qanday muammoli vaziyatda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tunu kun faoliyati yo‘lga qo‘yilgan 1154 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki maxsus telegram bot orqali murojaat qilish mumkin.