TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. “Toshkent” aeroportidagi “P1” avtoturargohi avtomatlashtirishning ikkinchi bosqichiga o‘tdi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida ishga tushirilgan “Toshkent” xalqaro aeroportining jo‘nab ketish terminali oldidagi “P1” avtoturargohi test rejimida qog‘oz talonlaridan voz kechmoqda.
Avtoturargohga kirish va chiqish faqat avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini aniqlash orqali amalga oshiriladi. Agar raqam belgisini aniqlash iloji bo‘lmasa (juda iflos yoki yo‘qolgan), tizim avtomobilni to‘xtash joyiga kirgazmasligi mumkin.
Avtoturargohdan chiqishda tizim yana avtomobilning davlat raqamini aniqlaydi va uni avtoturargohga kirish vaqtida aniqlangan raqam bilan taqqoslaydi. Raqamlar mos kelsa va to‘xtash joyi uchun to‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa, tizim mashinani chiqarib yuboradi. Ilgari raqamlari noma’lum bo‘lgan avtomashina haydovchilariga qog‘oz talon olish taklif etilar edi.
To‘lov, avvalgidek, parkomatlar orqali amalga oshiriladi.