TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining milliy OAVlardagi mediafaolligi bo‘yicha reytingi tuzildi. Reyting Oliy Majlis huzuridagi Axborot sohasini va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan tuzilgan.
Reytingning birinchi beshligidan quyidagilar o‘rin olgan:
1. Adliya vazirligi;
2.Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi;
3.Davlat statistika qo‘mitasi;
4. Moliya vazirligi;
5. Ichki ishlar vazirligi.
Ulardan keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi joylashgan.
Tahlil 2022-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra, respublikaning 50 ta yetakchi ommaviy axborot vositalarida 30 ta vazirlik va davlat qo‘mitalari faoliyatiga oid e’lon qilingan materiallar asosida o‘tkazilgan.
Reyting ko‘rsatkichlari davlat idoralari matbuot xizmatlari va mansabdor shaxslarining keng jamoatchilik e’tiborini tortgan faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni milliy ommaviy axborot vositalarida yoritishda faollik darajasini aks ettirishini nazarda tutadi.
Yakuniy ko‘rsatkichlarni tuzishda u yoki bu vazirlik faoliyati to‘g‘risida e’lon qilingan original materiallar, e’lon qilingan axborotning auditoriyasi, turi, tonalligi (salbiy, neytral yoki salbiy), axborotga nisbatan izohlar soni, ko‘rishlar soni va boshqalar inobatga olingan.