TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. "Tolibon"* shahzoda Garrini insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun sud oldida javob berishga chaqirdi. Bu haqda CNBS telekanali xabar berdi.
Avvalroq OAVda qirolicha Yelizaveta II nabirasining 10-yanvardan sotuvga chiqariladigan yangi avtobiografiyasidan parchalar paydo bo‘lgan edi. Unda Sasseks gersogi Afg‘onistonda xizmat qilayotganda 25 nafar tolibni o‘ldirganini ma’lum qilgan.
“Siz o‘ldirganlar shaxmat donalari emas, balki ularning qaytishini kutayotgan oilalari bo‘lgan odamlar edi”, - deb yozgan Afg‘oniston ichki ishlar vazirining katta yordamchisi Anas Haqqoniy Twitter’dagi sahifasida.
"Tolibon"ning* yana bir rasmiysi, tashkilotning siyosiy idorasi rahbari Suhayl Shahin Sky News telekanaliga bergan intervyusida shahzoda Garri “insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganini” aytdi.
“Ular (toliblar) o‘z mamlakatlari ozodligi uchun kurashuvchilar edi, siz esa (NATO, jumladan, Britaniya) bosqinchilar edingiz. Ularning ishi qonuniy edi. Ular xalq qahramonlari, siz esa ularning dushmani edingiz”, - dedi Shahin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Sasseks gersogi insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha sud tomonidan so‘roq qilinishi kerak.
Shahzoda Garri ikki marta Afg‘onistonda xizmat qilgan va muntazam ravishda "Tolibon"ga* qarshi jangovar operatsiyalarda qatnashgan. OAV qirollik oilasi a’zosi terrorchilik harakati yetakchisini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgani haqida yozgan.
* Terrorchilik faoliyati uchun BMTning sanksiyalari ostida