Ta’til kunlarida bog‘cha bolalari uchun haq to‘lanmaydi

Ta’til e’lon qilingunga qadar bog‘cha to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lsa, keyingi to‘lovlarni amalga oshirish jarayonida ta’til kunlari uchun to‘langan badal summasi hisobga olinadi.
Sputnik
TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Ta’til kunlarida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun haq to‘lanmaydi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bog‘chalarda 10-18 yanvar kunlari navbatdan tashqari ta’til e’lon qilingandan so‘ng ko‘plab ota-onalardan bog‘cha puli to‘lanishiga doir ko‘plab savollar kelib tushmoqda.

“Mazkur so‘rovlarga javoban, ta’til kunlari uchun bog‘cha to‘lovi to‘lanmasligini ma’lum qilamiz. Ta’til e’lon qilingunga qadar bog‘cha to‘lovi amalga oshirilgan bo‘lsa, keyingi to‘lovlarni amalga oshirish jarayonida ta’til kunlari uchun to‘langan badal summasi hisobga olinadi”, - deyiladi xabarda.

Hukumatning tegishli yig‘ilish bayoniga asosan, ta’til kunlari davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan xodimlarga amaldagi tartib saqlangan holda ish haqi to‘lanadi.