NATO bosh kotibi Rossiya va Xitoy ittifoqidan xavfsiramoqda

Stoltenberg Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar harbiy va iqtisodiy sohalarda chuqurlashayotganini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishi G‘arb davlatlari o‘rnatgan dunyo tartibiga tahdid solayotganini aytdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

“Ularni boshqa dunyo tartibini xohlayotgani birlashtirapti. Gap shundaki, ular bizning qadriyatlarimizni baham ko‘rmayapti, erkinlik va demokratiyaga bo‘lgan ishonchimizni buzadigan manfaatlarni himoya qilishga harakat qilishapti. Bu xavfli dunyoda alyans davlatlari bir-birini qo‘llashi kerak”, - dedi u Norvegiyadagi anjumanda.

Stoltenbergning ta’kidlashicha, Pekin Rossiyaning Ukrainadagi maxsus operatsiyasini qoralashdan bosh tortishi ikki davlat birlashganining asosiy dalili bo‘ldi.
“Aksincha, Xitoy Rossiyaning qarashlarini olg‘a surib, mavjud vaziyatda NATOni ayblamoqda va Rossiyaning alyans eshiklarini yangi a’zolar uchun yopish haqidagi talabini birinchi marta qo‘llab-quvvatladi”, - deydi bosh kotib.
Bundan tashqari, Stoltenberg Moskva va Pekin o‘rtasidagi munosabatlar harbiy va iqtisodiy sohalarda chuqurlashayotganini ta’kidladi.
Yangi yil arafasida Putin va Si Szinpin videoaloqa orqali muzokara o‘tkazdi. Xitoy rahbari, xususan, Pekin Moskva bilan strategik hamkorlikni mustahkamlashga va u bilan ikki davlat suvereniteti va xavfsizligini himoya qilishga tayyor ekanini aytdi. Putin, o‘z navbatida, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikning barqarorlashtiruvchi omil sifatidagi ahamiyati geosiyosiy keskinlik kuchayishi sharoitida ortib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Moskva va Pekin o‘rtasidagi muvofiqlashtirish adolatli dunyo tartibini yaratishga xizmat qiladi.