TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Ukrainadagi mojaroga BMT Nizomi va xalqaro huquq normalari asosida barham berilishini istaydi, dedi tashkilot bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dujarrik brifingda Fransiya va Germaniyaning Kiyevga zirhli mashinalarni berish rejalariga munosabat bildirayotib. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Bizdan muntazam ravishda u yoki bu tarzda qurol yetkazib berish haqida so‘rashapti. Maqsadimiz shuki, biz ushbu mojaroga BMT Nizomi va xalqaro huquq asosida barham berishni istaymiz”, - dedi Dujarrik BMT bosh kotibi Parij va Berlin zirhli texnika jo‘natishini foydali deb hisoblaydimi, degan savolga javob berar ekan.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Vladimir Zelenskiy bilan suhbatda Fransiya Ukrainaga zirhli texnika yoki AMX-10RC g‘ildirakli tanklarini yetkazib berishini aytgan edi.
Germaniya kansleri Olaf Shols va AQSh prezidenti Jo Bayden payshanba kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Kiyevga og‘ir harbiy texnika jo‘natishga kelishib oldi. Germaniya "Marder" piyodalar jangovar mashinalari va "Patriot" havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini yetkazib berishga tayyorligini ma’lum qildi. Ushbu qaror e’lon qilinishidan biroz oldin Rossiya tomoni 6-yanvar soat 12:00 dan 7-yanvar 24:00 gacha Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiya hududida tomonlar o‘rtasidagi barcha aloqa chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilgandi.
Avvalroq Rossiya Ukrainaga qurol yetkazib berilgani uchun NATO davlatlariga nota yuborgan edi. Rossiya tashki ishlar vaziri rahbari Sergey Lavrovning qayd etishicha, Ukraina uchun qurol ortilgan har qanday yuk Rossiya uchun qonuniy nishonga aylanadi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi NATO davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish orqali “o‘t bilan o‘ynashmoqda”, deb ta’kidladi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kiyevga G‘arbdan qurol-yarog‘ yetkazib berish Rossiya-Ukraina muzokaralarining muvaffaqiyatiga hissa qo‘shmasligi va aksincha salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.