Anomal sovuq kunlari har qanday majlis va tadbirlarni o‘tkazish taqiqlandi

Poytaxt hokimi Toshkent shahriga keskin sovuq ob-havoning kirib kelishi munosabati bilan har qanday talofatlarning oldini olish bo‘yicha mutassaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 yanv — Sputnik. Mamlakatda anomal sovuq kunlar davrida har qanday majlislar, tadbirlar, mas’ullarni asosiy faoliyatidan chalg‘ituvchi boshqa yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 9 dan yanvardan 18-yanvargacha shahar va tuman hokimliklarida, boshqarmalar va ularning tuman bo‘limlarida har qanday majlislar (jumladan, Zoom shaklida) o‘tkazish bekor qilindi.
Vaziyatlarni boshqarish yuzasidan topshiriqlar telefon va onlayn aloqa tizimlari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi.
Yig‘ilishda qolipli non ishlab chiqaruvchilarga gaz va elektr energiyasi uzluksiz yetkazib berilishini nazoratga olish topshirildi.
Shuningdek, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi korxonalarning uzluksiz ishlashini ta’minlash va shahar jamoat transportining tizimli ishlashi choralarini ko‘rish ham topshirildi.
O‘n kun davomida markaziy va ichki yo‘llarni tezkorlik bilan qor va muzlamalardan tozalashni tashkil qilish hamda boshqaruv servis kompaniyalarining ko‘p qavatli uylar yo‘laklarini qor va muzlamalardan o‘z vaqtida tozalashni ta’minlashiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Qolaversa, elektr tizimida avariyalarni tezkor bartaraf etish, shuningdek, tug‘ruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylarining issiqlik ta’minotini alohida nazoratga olish, ulardagi mavjud elektr generatorlarini yoqilg‘i bilan ta’minlash, to‘xtovsiz ishlashi uchun shay holatga keltirish vazifasi yuklatildi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan 2 kun muddatda jamoat joylarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qayta ko‘rik-nazorat tadbirlari o‘tkaziladi.
Anomal sovuq kunlari aholini jamoat transportidan foydalanishiga keng imkoniyatlar yaratish va imkon qadar shaxsiy transport vositasidan foydalanmaslikni tavsiya etish ham qayd etildi.
Navbatchilik, shtablar va call-markazlar faoliyatidagi aloqa telefonlarining uzluksiz ishlashini nazoratga oladi.
Bundan tashqari, 2 kun muddatda 103 tez tibbiy yordam mashinalarini tibbiy anjom va dori vositalari bilan ta’minlanganlik darajasini ko‘zdan kechirib, yetishmovchiliklarni to‘ldirish ishlari ham olib boriladi.
Ko‘chada xizmat qilayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va obodonlashtirish xodimlarini issiq choy va yegulik, ixcham termos idishlari bilan ta’minlash ham inobatga olinishi ta’kidlandi.