TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Bu yil ham Toshkentdagi bir qator kanallar atrofini sayilgohlarga aylantirish ishlari davom ettiriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 75-sessiyasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Bo‘zsuv kanalining Chilonzor tumani Seul ko‘chasiga tutash bir kilometrlik qismida, Damashi kanalining Olmazor tumani Kichik xalqa avtomobil’ yo‘liga tutash 800 metr hududida obodonlashtirish va sayilgoh tashkil etish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Uchtepa, Shayxontohur, Yangihayot va Olmazor tumanlarida ham obodonlashtirish ishlari olib boriladi.
Loyihalashtirilayotgan ishlar:
Uchtepa tumanidan o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalining Farhod ko‘chasidan Toshkent halqa avtomobil’ yo‘ligacha bo‘lgan 3,5 qismi;
Jun kanalining Yangihayot tumani Toshkent xalqa avtomobil yo‘lidan Sergeli-1 bekatigacha bo‘lgan 1,65 km hududi;
Katta Kaykavus kanalining Shayxontohur tumani Anhor bo‘yi ko‘chasidan Taxtapul ko‘chasigacha bo‘lgan 1,4 km qismi;
Olmazor tumanidan oqib o‘tuvchi Damashi kanalining Sag‘bon ko‘chasidan Toshkent halqa avtomobil’ yo‘ligacha bo‘lgan 3,4 km hududi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda poytaxtda jami 128 ta kanal va kollektor mavjud bo‘lib, ularning 16 tasi magistral, 24 tasi xo‘jaliklararo va 80 tasi ichki xo‘jalik kanallari hisoblanadi, 8 tasi esa kollektorlardan iborat, ularning umumiy uzunligi 408 km.ga teng.
O‘tgan yillar davomida kanal va kollektorlarning jami 378 962 p/m qismida tozalash va 278 101 p/m qismida esa qayta tozalash ishlari olib borildi. Shuningdek, kanallar o‘zanida 1870,8 m3 hajmda betonlash ishlari olib borilib, 1770 metr uzunlikda xafvsizlik panjaralari o‘rnatildi.