TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Koronavirus tufayli haftasiga o‘n ming kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib xabar berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning ta’kidlashicha, koronavirusga qarshi kurash borasida ma’lum natijalarga erishilgan bo‘lsa-da, ammo xavf hali chekingani yo‘q.
Chunki so‘nggi oylarda haftasiga o‘rtacha o‘n ming kishi COVID-19 qurboniga aylanmoqda.
"Bu faqat bizga ma’lum raqamlar. Real ko‘rsatkichlar ehtimol bundan-da yuqori bo‘lishi mumkin. Qolaversa, keyingi paytlarda koronavirus tufayli shifoxonaga yotqizish holatlari ko‘paygan. Ayniqsa, shimoliy yarim sharda epidemiologik vaziyat murakkab. Bu mintaqada mavsumiy gripp ham keng tarqalmoqda”, deydi JSST rahbari.
Shu bois JSST, avvalo, xastalik profilaktikasini kuchaytirib, aholining buster doza bilan emlanishi orqali jamoaviy immunitetni shakllantirish samarali chora, deb hisoblaydi.