Kollej va texnikumlarda kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz qoldi

To‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlari mos ravishda 2021/2022 o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlanib qoldi.
Sputnik
TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Kollej va texnikumlarda 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsion rivojlanish vazirligi ma’lum qildi.
“Davlat komissiyasining tegishli qaroriga binoan, kollejlar va texnikumlarda 2022/2023 o‘quv yili uchun barcha bosqichdagi o‘quvchilarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlari mos ravishda 2021/2022 o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlanib qoldi”, deyiladi xabarda.
2022/2023 o‘quv yilida kollej va texnikumlarda to‘lov kontrakt miqdori quyidagicha:
• Sog‘liqni saqlash, Pedagogika, Biznes va boshqaruv, San’at, Ijtimoiy ta’minot, Xizmat ko‘rsatish, Jurnalistika va ijtimoiy axborot — 4 685 400 so‘m;
• Tabiiy fanlar, Transport, Muhandislik ishi, Aloqa va axborotlashtirish, telekommunikatsiya texnologiyalari, Kompyuter texnologiyalari va informatika, Gumanitar fanlar — 4 521 000 so‘m;
• Qishloq xo‘jaligi irrigatsiya va melioratsiyasi, Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, Ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari, Arxitektura va qurilish, Hayotiy faoliyat xavfsizligi, Qishloq xo‘jalik texnikasi, Veterinariya, Atrof-muhit muhofazasi — 4 356 600 so‘m.
Avvalroq O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddati 20-yanvarga qadar uzaytirilgani haqida xabar berilgandi.